Universitetning eng yaxshi pedagoglari aniqlandi

Madaniyat saroyida “Universitetning eng yaxshi pedagogi” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad oliy ta'lim tizimidagi pedagog xodimlar orasidan ilg‘or, tashabbuskor, ijodkor, iste'dodlilarini aniqlash, yoshlarni barkamol shaxslar etib tarbiyalayotgan, o‘quv jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni samarali qo‘llayotgan pedagoglarning ijodiy faolligini oshirish, fan yo‘nalishlarida fidoiy, yuksak kasb mahoratiga ega bo‘lgan eng yaxshi pedagoglarni aniqlash, aniqlangan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va targ‘ib etishdan iborat.


Tanlovning “Mutaxassisligi bo‘yicha eng yaxshi pedagog” nominatsiyasida Shahlo Ergasheva (Iqtisod sohasi), Nozima Zufarova (Kompyuter texnologiyalari va informatika sohasi), Nargiza Olimxo‘jayeva (Xizmat ko‘rsatish sohasi) va Ra'nojon Abdullayeva (Pedagogika sohasi) g‘oliblikni qo‘lga kiritdilar.

“Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasida Dilorom Mutalova (Iqtisod sohasi), Rabim Fayziyev (Kompyuter texnologiyalari va informatika sohasi), Baxtiyor Ishmuxamedov (Xizmat ko‘rsatish sohasi), Toji Norov (Pedagogika sohasi) muvaffaqiyatga yurishdilar.
“Innovatsiya va axborot texnologiyalarini qo‘llaydigan eng yaxshi pedagog” nominatsiyasida esa Saida Abdurahimova (Iqtisod sohasi), Fotima Abdurahmonova (Kompyuter texnologiyalari va informatika sohasi), Ma'rufjon Tariqulov (Xizmat ko‘rsatish sohasi), yelena Kim (Pedagogika sohasi) sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar.

O‘qituvchi – bu go‘zallik va insoniylik sohibi. Bu oliyjanob, sharafli kasb egalari haqida qanchadan-qancha donishmandlar o‘zlarining eng yaxshi ezgu-tilak, istaklarini yozib qoldirmagan deysiz. Demak, avlod bor ekan, unga ta'lim va tarbiya beradigan mehri daryo, bag‘ri keng inson – o‘qituvchi bo‘lishi tabiiy. O‘qituvchi aql-zakovatidan, mehr-muhabbatidan bahramand bo‘lmagan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. O‘qituvchi har qanday jamiyat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi favqulodda kuch bo‘lib, uning mamlakat yuksalishidagi o‘rni va roli beqiyos. O‘qituvchining bilimi, salohiyati va pedagogik mahorati jamiyat rivojining kafolatidir. O‘ylaymizki ushbu tanlov o‘z kasbining ustasi bo‘lgan pedagoglarni aniqlash va ularning yutuqlarini ommalashtirishga xizmat qiladi.
Taqdirlash tadbirida g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.
 
Muallif: A.Rustamov

Комментарии